Nizom bo'yicha umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom respublika hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasini baholash (keyingi o‘rinlarda baholash deb ataladi) tartibini belgilaydi.
2. Baholash mazkur Nizom asosida yarim yillik va yil yakuni bo‘yicha o‘tkaziladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
tashkilotlar — hududlarda tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasiga ta'sir etuvchi vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar (ularning hududiy bo‘linmalari);
indikator — tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasini aniqlashda baholanishi lozim bo‘lgan asosiy ko‘rsatkich;
rasmiy statistik ma'lumotlar — baholashga ma'lumotlarni taqdim etish uchun mas'ul bo‘lgan vakolatli tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan va ushbu tashkilotlarning rahbarlari tomonidan tasdiqlangan statistik va tahliliy ma'lumotlar;
o‘tkazilgan so‘rovlar bo‘yicha ma'lumotlar — O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Adliya vazirligi tomonidan «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bilan birgalikda tasdiqlangan shakldagi so‘rovnomalar asosida tadbirkorlik sub'ektlari o‘rtasida o‘tkaziladigan anonim yoki ochiq so‘rovlar natijalari bo‘yicha to‘plangan ma'lumotlar;
«BUSINESS INDICATOR» avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda «BUSINESS INDICATOR» AAT deb ataladi) — hududlarda tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasi ko‘rsatkichlarini hisoblash va baholash bo‘yicha avtomatlashtirilgan dasturiy ta'minot.
4. Respublika hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasini baholash tartibi ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha qonuniylik, oshkoralik, xolislik, adolatlilik, tenglik va shaffoflik prinsiplariga asoslangan holda amalga oshiriladi
5. Baholash natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tuman va shaharlar (keyingi o‘rinlarda tegishli hudud deb ataladi) reytingi tuziladi, reytingda yuqori ko‘rsatkichlarga ega hududdagi tashkilotlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari boshqaruv xodimlari moddiy rag‘batlantiriladi.
6. Hududlarda tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasini baholash O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Adliya vazirligi (keyingi o‘rinlarda baholashga mas'ul organlar deb ataladi) tomonidan mazkur Nizom asosida yarim yillik va yil yakuni bo‘yicha amalga oshiriladi.
Baholashga oid asosiy indikatorlar
7. Baholash quyidagi indikatorlar asosida amalga oshiriladi:
bo‘sh turgan bino-inshootlar va uchastkalarni tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilganlik holati;
erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridan samarali foydalanish darajasi;
tadbirkorlik sub'ektlarining mulk huquqi daxlsizligining ta'minlanganlik ko‘rsatkichi;
davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, jumladan lisenziya va ruxsatnomalar berishda qonun hujjatlariga rioya qilinishi holati;
tadbirkorlik sub'ektlariga kreditlar ajratilishi holati;
tadbirkorlik sub'ektlarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi;
tadbirkorlik sub'ektlarining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga kelib tushgan tushumlardagi ulushi;
tadbirkorlik sub'ektlaridan tashkilotlar, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kelib tushgan murojaatlar soni;
majburiyatlarning bajarilishi bilan bog‘liq nizolarning ko‘rib chiqilishi holati;
tadbirkorlik sub'ektlarining iqtisodiy madaniyati darajasi;
yangi tashkil etilgan, faoliyat yuritmayotgan va tugatilgan tadbirkorlik sub'ektlari hamda ular faoliyatining davomiyligi (yashovchanlik);
tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan aholini ish bilan ta'minlanganlik darajasi;
tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish holati;
tadbirkorlik sub'ektlarining banklardagi hisobvaraqlariga band solinganligi holati;
tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun joylashtirilgan asosiy kapital qo‘yilmalari darajasi;
tadbirkorlik sub'ektlari uchun soliq, moliya, buxgalteriya va boshqa turdagi o‘quv-seminarlar tashkillashtirilganligi;
tadbirkorlik sub'ektlarining tijorat banklaridagi kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini kompensasiyalar shaklida qoplanganligi;
tadbirkorlik sub'ektlarining muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari bilan ta'minlanganligi;
tadbirkorlik sub'ektlariga bank xizmatlari ko‘rsatilishi sifati ko‘rsatkichi;
tadbirkorlik sub'ektlarining homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etilganlik holati;
hududdagi tadbirkorlik sub'ektlarining tashkilotlar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga bo‘lgan ishonchi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:
bo‘sh turgan bino-inshootlar va uchastkalarni tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilganlik holati;
erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridan samarali foydalanish darajasi;
tadbirkorlik sub'ektlarining muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari bilan ta'minlanganligi;
tadbirkorlik sub'ektlariga kreditlar ajratilishi holati;
tadbirkorlik sub'ektlariga bank xizmatlari ko‘rsatilishi sifati ko‘rsatkichi;
tadbirkorlik sub'ektlarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi;
tadbirkorlik sub'ektlarining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga kelib tushgan tushumlardagi ulushi;
tadbirkorlik sub'ektlarining iqtisodiy madaniyati darajasi;
yangi tashkil etilgan, faoliyat yuritmayotgan va tugatilgan tadbirkorlik sub'ektlari hamda ular faoliyatining davomiyligi (yashovchanlik);
tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan aholini ish bilan ta'minlanganlik darajasi;
tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun joylashtirilgan asosiy kapital qo‘yilmalari darajasi;
tadbirkorlik sub'ektlariga soliq, moliya, buxgalteriya va boshqa turdagi o‘quv-seminarlar tashkillashtirilganligi;
tadbirkorlik sub'ektlarining tijorat banklaridagi kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini kompensasiyalar shaklida qoplanilganligi indikatorlarini aniqlashga mas'ul hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
tadbirkorlik sub'ektlarining mulk huquqi daxlsizligining ta'minlanganlik ko‘rsatkichi;
davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, jumladan lisenziya va ruxsatnomalar berishda qonun hujjatlariga rioya qilinishi holati;
tadbirkorlik sub'ektlaridan tashkilotlar, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kelib tushgan murojaatlar soni;
majburiyatlarning bajarilishi bilan bog‘liq nizolarning ko‘rib chiqilishi holati;
tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish holati;
tadbirkorlik sub'ektlarining banklardagi hisobvaraqlariga band solinganligi holati;
tadbirkorlik sub'ektlarini homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etilganlik holati;
hududdagi tadbirkorlik sub'ektlarining tashkilotlar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga bo‘lgan ishonchi indikatorlarini hisoblashga mas'ul hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Adliya vazirligi indikatorlarni baholashda tashkilotlar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan zarur ma'lumotlarni bepul oladi.
Tadbirkorlikning rivojlanganlik indikatorlarini hisoblash va baholash
9. Tadbirkorlikning rivojlanganlik indikatorlarini hisoblash ushbu Nizomda 2-ilovada keltirilgan Hududlarda tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasini baholash bo‘yicha metodikaga muvofiq «BUSINESS INDICATOR» AAT orqali amalga oshiriladi.
10. Indikatorlarni hisoblashda rasmiy statistik va o‘tkazilgan so‘rovlar bo‘yicha ma'lumotlardan foydalaniladi.
11. Rasmiy statistik ma'lumotlar ushbu Nizomning ilovasidagi Metodikada nazarda tutilgan mas'ul tashkilotlar tomonidan I yarim yillik uchun 1 avgustga qadar, yil yakuni bo‘yicha kelgusi yil 1 martga qadar «BUSINESS INDICATOR» AATga kiritilishi shart.
12. Ushbu Nizomning 7-bandi o‘n to‘qqizinchi, yigirmanchi, yigirma birinchi va yigirma ikkinchi xatboshilaridagi indikatorlar baholashga mas'ul organlar tomonidan o‘tkazilgan so‘rovlar bo‘yicha ma'lumotlar asosida hisoblanadi va baholanadi.
13. Baholashga mas'ul tashkilotlar taqdim etilgan ma'lumotlar va o‘tkazilgan so‘rovlarning natijalari asosida tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasini baholash yakunlarini umumlashtiradi, hisobot yakuni bo‘yicha yarim yillik ma'lumotlarni joriy yil 15 avgust va yil yakunlariga oid ma'lumotlarni keyingi yil 15 martga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi hamda Oliy Majlisi palatalari va xalq deputatlari Kengashlariga taqdim qiladi, doimiy ravishda ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan o‘z rasmiy veb-saytlarida e'lon qilib boradi.
14. Reyting bahosining natijalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va xalq deputatlari Kengashlari majlislarida tanqidiy muhokama qilinadi.
15. Hududlarda tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasi aniqlangan indikatorlarning miqdoriga qarab 1 balldan 10 ballgacha reytingda baholanib, «namunali», «yaxshi», «qoniqarli» va «qoniqarsiz» deb topiladi.
16. Hududlarda indikatorlarni baholash natijalariga muvofiq tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasi reyting bali bo‘yicha:
9 balldan 10 ballgacha bo‘lgan hudud — «namunali»;
7 balldan 9 ballgacha bo‘lgan hudud — «yaxshi»;
5 balldan 7 ballgacha bo‘lgan hudud — «qoniqarli»;
5 ballgacha bo‘lgan hudud — «qoniqarsiz» deb topiladi.
Metodika bo'yicha umumiy qoidalar
1. Ushbu metodika O‘zbekiston Respublikasi hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasi ko‘rsatkichlarini hisoblash va baholash tartibini belgilaydi.
2. Hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasini baholash ushbu Metodika va uning 1 va 2-ilovalariga muvofiq hududlarda tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasini baholash tizimlari asosida tashkil etiladi.
3. Mazkur Metodikada quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
indikatorni hisoblash metodikasi — indikatorning miqdorini aniqlash uchun foydalaniladigan usul;
indikatorni baholash metodikasi — miqdori aniqlangan indikatorga mutanosib bo‘lgan bahoni berish usuli;
ijobiy indikatorlar — indikator darajasining ortib borishiga mos ravishda yuqori baholanadigan indikatorlar;
salbiy indikatorlar — indikator darajasining ortib borishiga mos ravishda past baholanadigan indikatorlar;
kredit portfeli — muayyan vaqtga bankda mavjud bo‘lgan kreditlar bo‘yicha asosiy qarz qismining qoldig‘i;
tadbirkorlik sub'ektlari — belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslardir (ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan yuridik shaxslar, fermer va dehqon xo‘jaliklari bundan mustasno).
Rasmiy statistik ma'lumotlar asosida indikatorlarni hisoblash tartibi
1-§. Bo‘sh turgan bino-inshootlar va uchastkalarni tadbirkorlik faoliyati uchun berish ko‘rsatkichini hisoblash
Yarim yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududidagi (keyingi o‘rinlarda tegishli hudud deb ataladi) bo‘sh turgan, foydalanilmayotgan ob'ektlar va yer uchastkalardan (davlat aktivlaridan) samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha aniqlangan natijalar quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I1 = (Idm + Ieu) / 2
bunda:
I1 — davlat aktivlaridan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha indikator miqdori (foizda);
Idm — davlat ko‘chmas mulkidan samarali foydalanish bo‘yicha subindikator miqdori (foizda);
Ieu — bo‘sh turgan yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha subindikator miqdori (foizda).
Davlat ko‘chmas mulkidan samarali foydalanish bo‘yicha subindikator miqdori quyidagi formula asosida aniqlanadi:
Idm = (Sdm / Bdm) × 100
bunda:
Sdm — samarali foydalanish tashkil etilgan davlat ko‘chmas mulki ob'ektlari soni;
Bdm — tegishli hududda mavjud bo‘lgan davlat ko‘chmas mulki ob'ektlari soni (davlat foydalanuvidan bo‘lganlardan tashqari).
Bo‘sh turgan yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha subindikator miqdori quyidagi formula asosida aniqlanadi:
Ieu = (Seu / Beu) × 100
bunda:
Seu — samarali foydalanish tashkil etilgan yer uchastkalari maydoni (gektarda).
Beu — tegishli hududda mavjud bo‘lgan davlat yer uchastkalari maydoni (davlat foydalanuvida bo‘lganlardan tashqari, gektarda).
Bo‘sh turgan, foydalanilmayotgan ob'ektlardan samarali foydalanishni tashkil etish ushbu yer uchastka va ob'ektlarni ijaraga berish, faoliyatini tiklash, sotish, davlat-xususiy sheriklik asosida berish, kichik sanoat (erkin iqtisodiy) zona tashkil etish, foydalanishga yaroqsiz ob'ektni buzish orqali bo‘shagan yer maydonini tadbirkorlik sub'ektlariga berish va ob'ektni turar joy sifatida foydalanishga berish orqali amalga oshiriladi.
Tegishli hududda bo‘sh davlat mulki ob'ektlari va yer uchastkalari mavjud bo‘lmagan taqdirda indikator miqdori 100 foizga teng deb hisoblanadi.
2-§. Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridan samarali foydalanish ko‘rsatkichini hisoblash
Tegishli hududda tashkil etilgan erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan loyihalar sonining ushbu hududdagi har 1 000 nafar faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I2.1 = (Lek / Thf) × 1000
bunda:
I2.1 — indikator miqdori (sonda);
Lek — tegishli hududdagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan loyihalar soni;
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
Tegishli hududda tashkil etilgan erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan loyihalar summasining ushbu hududdagi har 1 000 nafar faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I2.2 = (Sek / Thf) × 1000
bunda:
I2.2 — indikator miqdori (so‘mda);
Sek — tegishli hududdagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan loyihalar summasi;
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
3-§. Tadbirkorlik sub'ektlarining mulk huquqi daxlsizligi ta'minlanganligi ko‘rsatkichini hisoblash
Yarim yil davomida tegishli hududdagi tadbirkorlik sub'ektlaridan yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklari va xalq deputatlari Kengashlari qarorlari sonining* ushbu hududdagi har 1 000 nafar faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I3 = (Qb / Thf) × 1000
bunda:
I3 — indikator miqdori (sonda);
Qb — tegishli hududdagi tuman (shahar) hokimliklari va xalq deputatlari Kengashlarining tadbirkorlik sub'ektlaridan yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarorlari soni;
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
*Tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan har yarim yillikda qarorlarni xatlovdan o‘tkazish orqali aniqlanadi.
4-§. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, jumladan lisenziya va ruxsatnomalar berishda qonun hujjatlariga rioya qilinishi ko‘rsatkichini hisoblash
Yarim yil davomida tegishli hududda tadbirkorlik sub'ektlariga qonunchilikda belgilangan tartibga rioya etmagan holda ko‘rsatilgan davlat xizmatlarining ushbu hududda ularga ko‘rsatilgan jami davlat xizmatlaridagi ulushini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I4 = (Dqb / Djk) × 100
bunda:
I4 — indikator miqdori (foizda);
Dqb — tegishli hududda tadbirkorlik sub'ektlariga qonunchilikda belgilangan tartib buzilgan holda ko‘rsatilgan davlat xizmatlari soni;
Djk — tegishli hududda tadbirkorlik sub'ektlariga ko‘rsatilgan jami davlat xizmatlari soni.
5-§. Tadbirkorlik sub'ektlariga kreditlar ajratilishi darajasi ko‘rsatkichini hisoblash
Yarim yil davomida tegishli hududda tadbirkorlik sub'ektlariga amalda ajratilgan kredit miqdorining ushbu hududdagi har 1 000 nafar faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha kredit miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I5.1 = (Kha / Thf) × 1000
bunda:
I5.1 — indikator miqdori (so‘mda);
Kha — tegishli hududda tadbirkorlik sub'ektlariga amalda ajratilgan kredit miqdori (so‘mda), agar kreditlar xorijiy valyutada ajratilgan bo‘lsa, ularning so‘mdagi ekvivalenti indikator hisoblanayotgan vaqtdagi Markaziy bank kursi bo‘yicha aniqlanadi;
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
6-§. Tadbirkorlik sub'ektlarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi ko‘rsatkichini hisoblash
Hisobot yili yakuni bo‘yicha tegishli hududdagi tadbirkorlik sub'ektlari ishlab chiqargan mahsulotlari hajmining ushbu hududdagi har bir faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan hajmini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I6 = Mt / Thf
bunda:
I6 — indikator miqdori (so‘mda);
Mt — tegishli hududdagi tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlari umumiy hajmi (so‘mda);
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
7-§. Tadbirkorlik sub'ektlarining Davlat byudjetiga kelib tushgan tushumlardagi ulushi ko‘rsatkichini hisoblash
Yarim yil davomida tegishli hududda tadbirkorlik sub'ektlaridan Davlat byudjetiga (Respublika byudjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti va mahalliy byudjetlar) kelib tushgan tushumlarning ushbu hududdagi har 1 000 nafar faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I7 = (Tt / Thf) × 1000
bunda:
I7 — indikator miqdori (so‘mda);
TT — tegishli hududdagi tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan Davlat byudjetiga to‘langan umumiy to‘lovlar (soliq va boshqa majburiy to‘lovlar) miqdori (so‘mda);
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
8-§. Tadbirkorlar sub'ektlaridan kelib tushgan murojaatlar ko‘rsatkichini hisoblash
Yarim yil davomida tadbirkorlik sub'ektlaridan kelib tushgan murojaatlari sonining ushbu hududdagi har 1 000 nafar faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I8 = (Mj / Thf) × 1000
bunda:
I8 — indikator miqdori (sonda);
Mj — yarim yil davomida tadbirkorlik sub'ektlaridan tegishli hududdagi tashkilotlari, shuningdek mahalliy ijro hokimiyati organlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi, Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari orqali kelib tushgan murojaatlari soni;
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
9-§. Majburiyatlarning bajarilishi bilan bog‘liq nizolar ko‘rsatkichini hisoblash
Yarim yil davomida tegishli hududdagi iqtisodiy va ma'muriy sudlarda tadbirkorlik sub'ektlari ishtirokida ko‘rib chiqilgan nizolar (fuqarolik va ommaviy huquqiy munosabatlarga oid) sonining ushbu hududdagi har 1 000 nafar faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I9.1 = (Nj / Thf) × 1000
bunda:
I9.1 — indikator miqdori (sonda);
Nj — yarim yil davomida tegishli hududdagi iqtisodiy va ma'muriy sudlarda tadbirkorlik sub'ektlari ishtirokida ko‘rib chiqilgan nizolar (fuqarolik va ommaviy huquqiy munosabatlarga oid) soni;
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
16. Yarim yil davomida tegishli hududdagi iqtisodiy sudlarda tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan chiqarilgan sud buyruqlari sonining ushbu hududdagi har 1 000 nafar faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I9.2 = (Bj / Thf) × 1000
bunda:
I9.2 — indikator miqdori (sonda);
Bj — yarim yil davomida tegishli hududdagi iqtisodiy sudlarda tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan chiqarilgan sud buyruqlari soni;
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
10-§. Tadbirkorlik sub'ektlarining iqtisodiy madaniyati darajasi ko‘rsatkichini hisoblash
Yarim yil davomida tegishli hududdagi tadbirkorlik sub'ektlarining soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha mavjud qarzdorligining (bundan majburiy ijro jarayonidagilar mustasno) ushbu hududdagi har 1 000 nafar faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I10.1 = (Qh / Thf) × 1000
bunda:
I10.1 — indikator miqdori (so‘mda);
Qh — tegishli hududdagi tadbirkorlik sub'ektlarining soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha mavjud qarzdorligining (bundan majburiy ijro jarayonidagilar mustasno) miqdori (so‘mda);
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
18. Yarim yil davomida tegishli hududdagi tadbirkorlik sub'ektlari hisobidan Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari jamg‘armalar foydasiga undirilishi lozim bo‘lgan, lekin undirilmagan majburiy ijro jarayonida bo‘lgan qarzdorlikning ushbu hududdagi har 1 000 nafar faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I10.2 = (Uh / Thf) × 1000
bunda:
I10.2 — indikator miqdori (sonda);
Uh — tegishli hududdagi tadbirkorlik sub'ektlari hisobidan Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari jamg‘armalar foydasiga undiriladigan majburiy ijro jarayonida bo‘lgan qarzdorlik miqdori (so‘mda);
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
19. Yarim yil davomida tadbirkorlik sub'ektlarining 90 kundan ortiq muddati o‘tgan kredit qarzdorlik summalarining tegishli hududdagi banklar (tijorat va xususiy) kredit portfelidagi ulushini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I10.3 = (Kmo‘ / Kp) × 100
bunda:
I10.3 — indikator miqdori (foizda);
Kmo‘ — tadbirkorlik sub'ektlarining tegishli hududdagi banklarda (tijorat va xususiy) mavjud bo‘lgan 90 kundan ortiq muddati o‘tgan qarzdorlik summalari (so‘mda), agar kreditlar xorijiy valyutada ajratilgan bo‘lsa, ularning so‘mdagi ekvivalenti indikator hisoblanayotgan vaqtdagi Markaziy bank kursi bo‘yicha aniqlanadi;
Kp — tegishli hududdagi banklarning (tijorat va xususiy) kredit portfeli hajmi (so‘mda).
11-§. Yangi tashkil etilgan, faoliyat yuritmayotgan va tugatilgan tadbirkorlik sub'ektlari hamda ularning yashovchanligi ko‘rsatkichini hisoblash
Tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari sonining ushbu hududdagi har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I11.1 = (Thf / Ah) × 1000
bunda:
I11.1 — indikator miqdori (sonda);
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni;
Ah — tegishli hududdagi jami aholi soni.
Tegishli hududda yarim yil davomida yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub'ektlarining ushbu hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlaridagi ulushini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I11.2 = (Tya / Tfyu) × 100
bunda:
I11.2 — indikator miqdori (foizda);
Tya — tegishli hududda yarim yil davomida yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub'ektlari soni;
Tfyu — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
Tegishli hududda yarim yil davomida faoliyat yuritishni to‘xtatib turgan va (yoki) «nol'» soliq hamda boshqa hisobotlarni topshirayotgan tadbirkorlik sub'ektlarining ushbu hududda ro‘yxatga olingan jami tadbirkorlik sub'ektlaridagi ulushini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I11.3 = (Tft / Tjr) × 100
bunda:
I11.3 — indikator miqdori (foizda);
Tft — tegishli hududda yarim yil davomida faoliyat yuritishni to‘xtatib turgan va (yoki) «nol'» soliq va boshqa hisobotlarni topshirayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni;
Tjr — tegishli hududda ro‘yxatga olingan jami tadbirkorlik sub'ektlari soni.
Tegishli hududda uch yil davomida uzluksiz faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari sonining ushbu hududda har 1 000 nafar faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I11.4 = (Tuf / Thf) × 1000
bunda:
I11.4 — indikator miqdori (sonda);
Tuf — tegishli hududda uch yil davomida uzluksiz faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni;
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
12-§. Tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan aholini ish bilan ta'minlanganligi ko‘rsatkichini hisoblash
Tegishli hududda tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan rasman ish bilan ta'minlangan aholining ushbu hududda band bo‘lgan har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I12 = (Bt / Bha) × 1000
bunda:
I12 — indikator miqdori (sonda);
Bt — tegishli hududda tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan rasman ish bilan ta'minlangan aholi soni;
Bha — tegishli hududda band bo‘lgan aholi soni.
13-§. Tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish ko‘rsatkichini hisoblash
Yarim yil davomida tegishli hududda tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshirish hamda taftishlarning ushbu hududdagi har 1 000 nafar faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I13 = (Tj / Thf) × 1000
bunda:
I13 — indikator miqdori (sonda);
Tj — yarim yil davomida tegishli hududda tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshirish hamda taftishlar soni;
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
14-§. Tadbirkorlik sub'ektlarining banklardagi hisobvaraqlariga band solinganligi ko‘rsatkichini hisoblash
Tegishli hududda tadbirkorlik sub'ektlarining banklardagi band solingan (inkasso, davlat ijrochilari qarori, ijro hujjati asosida) hisobvaraqlari sonining ushbu hududda asosiy hisobvaraqlari mavjud bo‘lgan har 1 000 nafar tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I14 = (Hb / Hj) × 1000
bunda:
I14 — indikator miqdori (sonda);
Hb — tegishli hududda tadbirkorlik sub'ektlarining banklardagi band solingan (inkasso, davlat ijrochilari qarori, ijro hujjati asosida) hisobvaraqlari soni;
Hj — tegishli hududda asosiy hisobvaraqlari mavjud bo‘lgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
15-§. Tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun joylashtirilgan asosiy kapital qo‘yilmalari ko‘rsatkichini hisoblash
Tegishli hududdagi tadbirkorlik sub'ektlari — yuridik shaxslar ustav kapitalida shakllangan mablag‘larning ushbu hududdagi har 1 000 nafar faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I15.1 = (Kj / Thf) × 1000
bunda:
I15.1 — indikator miqdori (so‘mda);
Kj — tegishli hududdagi tadbirkorlik sub'ektlari — yuridik shasxlar ustav kapitalida shakllangan mablag‘lar yig‘indisi (so‘mda);
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
28. Yarim yil davomida tegishli hududdagi jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar summasining ushbu hududdagi har 1 000 nafar aholi soniga to‘g‘ri keladigan miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I15.2 = (Ih / Ah) × 1000
bunda:
I15.2 — indikator miqdori (so‘mda);
Ih — tegishli hududda jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar summasi (so‘mda);
Ah — tegishli hududdagi jami aholi soni
16-§. Tadbirkorlik sub'ektlari uchun o‘quv-seminarlar tashkillashtirilganligi ko‘rsatkichini hisoblash
Yarim yil davomida tegishli hududda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlik sub'ektlari uchun tashkil etilgan soliq, moliya, buxgalteriya, bank va boshqa sohalar bo‘yicha o‘quv-seminarlar umumiy sonining har 1 000 nafar tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I16 = (Sh / Thf) × 1000
bunda:
I16 — indikator miqdori (sonda);
Sh — yarim yil davomida tegishli hududda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlik sub'ektlari uchun tashkil etilgan soliq, moliya, buxgalteriya, bank va boshqa sohalar bo‘yicha o‘quv-seminarlar umumiy soni;
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
17-§. Tadbirkorlik sub'ektlarining tijorat banklardagi kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini kompensasiyalar shaklida qoplanilganligi ko‘rsatkichini hisoblash
Yarim yil davomida Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan tegishli hududdagi tadbirkorlik sub'ektlarining tijorat banklardagi kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlari qoplanilgan summaning ushbu hududda faoliyat yuritayotgan har 1 000 nafar tadbirkorlik sub'ektlariga to‘g‘ri keladigan miqdorini aniqlash yo‘li bilan quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I17 = (Kkh / Thf) × 1000
bunda:
I17 — indikator miqdori (so‘mda);
Kkh — yarim yil davomida Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan tegishli hududdagi tadbirkorlik sub'ektlarining tijorat banklardagi kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlari qoplanilgan summa (so‘mda);
Thf — tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni.
O‘tkazilgan so‘rovlar bo‘yicha ma'lumotlar asosida indikatorlarni hisoblash tartibi
1-§. Tadbirkorlarning muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarining doimiy ta'minlanganligi ko‘rsatkichini hisoblash
Tegishli hududda o‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra tadbirkorlik sub'ektlariga muhandislik-kommunikasiya xizmatlari amalda yetkazib berilganligi indikatori 1 dan 5 gacha bo‘lgan ballar yig‘indisi bo‘yicha quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I18 = ((Eu + Gu + Su) / Tsq) / 3
bunda:
I18 — indikator miqdori (sonda);
Eu — tegishli hududdagi tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan yetkazib berilgan elektr energiyasiga berilgan ballar yig‘indisi;
Gu — tegishli hududdagi tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan yetkazib berilgan tabiiy gazga berilgan ballar yig‘indisi;
Su — tegishli hududdagi tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan yetkazib berilgan ichimlik suviga berilgan ballar yig‘indisi;
Tsq — tegishli hududda so‘rovnomada ishtirok etgan tadbirkorlik sub'ektlarining umumiy soni.
2-§. Tadbirkorlik sub'ektlariga bank xizmatlari ko‘rsatilishi sifati ko‘rsatkichini hisoblash
Tegishli hududda o‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra tadbirkorlik sub'ektlariga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari sifati indikatori 1 dan 5 gacha bo‘lgan ballar yig‘indisi bo‘yicha quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I5.2 = Bu / Tsq
bunda:
I5.2 — indikator miqdori (sonda);
Bu — tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan bank xizmatlari sifatiga berilgan ballar yig‘indisi;
Tsq — tegishli hududda so‘rovnomada ishtirok etgan tadbirkorlik sub'ektlarining umumiy soni.
3-§. Tadbirkorlik sub'ektlarini homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etilganligi darajasi ko‘rsatkichini hisoblash
Tegishli hududda o‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan majburiy homiylik va boshqa tadbirlarga jalb etish 1 dan 5 gacha bo‘lgan ballar yig‘indisi bo‘yicha quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I19 = Hu / Tsq
bunda:
I19 — indikator miqdori (sonda);
Hu — hududda o‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan majburiy homiylik va boshqa tadbirlarga jalb etish darajasiga berilgan ballar yig‘indisi;
Tsq — tegishli hududda so‘rovnomada ishtirok etgan tadbirkorlik sub'ektlarining umumiy soni.
4-§. Tadbirkorlik sub'ektlarining davlat tashkilotlarga bo‘lgan ishonchi ko‘rsatkichini hisoblash
Tegishli hududda o‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra tadbirkorlik sub'ektlarining tashkilotlar va mahalliy ijro hokimiyati organlariga bo‘lgan ishonchi indikatori 1 dan 5 gacha bo‘lgan ballar yig‘indisi bo‘yicha quyidagi formula asosida hisoblanadi:
I20 = Iu / Tsq
bunda:
I20 — indikator miqdori (sonda);
Iu — tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan so‘rovnomada ko‘rsatilgan ishonchning darajasiga berilgan ballar yig‘indisi;
Tsq — tegishli hududda so‘rovnomada ishtirok etgan tadbirkorlik sub'ektlarining umumiy soni.
O’tkazilgan so’rovlar bo’yicha ma’lumotlar asosida indikatorlarni hisoblash haqida qo’shimcha tushuntirish
Baholashda so‘rovlar o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi.
Reyting natijalarini aniqlashda 4 ta ko‘rsatkich tadbirkorlik sub'ektlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar asosida aniqlandi. Xususan:
– tadbirkorlarning muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarining doimiy ta'minlanganligi;
– tadbirkorlik sub'ektlariga bank xizmatlari ko‘rsatilishi sifati;
– tadbirkorlik sub'ektlarini homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etilganligi darajasi;
– tadbirkorlik sub'ektlarining davlat tashkilotlarga bo‘lgan ishonchi.
Amalga oshirilayotgan ishlarning samarali ekanligini nafaqat ko‘rsatkichlar orqali, balki ushbu o‘zgarishlarni his qilayotgan jamoatchilikning fikrini va munosabatini bilish orqali ham baholash lozim.
Shu sababli, yuqoridagi ko‘rsatkichlarni baholashda tadbirkorlik sub'ektlari o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazildi. So‘rovni o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 yanvardagi 8-son qarorida nazarda tutilgan talablar asosida Hukumat bilan kelishilgan hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan.
So‘rovda ishtirok etuvchi respondentlarni tanlab olishda har bir savolnomaga maksimal darajada individual yondashilgan. Jumladan, tadbirkorlarning muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarining doimiy ta'minlanganligiga baho berishga qaratilgan savolnomaga oxirgi 1 yil ichida ushbu tarmoqlarga ulangan, foydalanayotgan tadbirkorlik sub'ektlari o‘rtasida o‘tkazildi. Shuningdek, tuman (shahar)ning turli zonalari (tuman (shahar) markazi, markazga tutash hudud va markazdan olis hudud) ham e'tibordan chetda qolmadi.
Har bir savol 5 ta javob variantidan iborat bo‘lib, ularga
1 balldan (salbiy) 5 ballgacha (ijobiy) bo‘lgan oraliqda baho berilgan (savolnomaning shakli ilova qilinadi).
Masalan, elektr energiyasiga ulanish uchun sarflangan vaqtni baholashda quyidagi javob variantlari berilgan:
1-javob varianti: 2 oydan ortiq – 1 ball
2-javob varianti: 2 oygacha – 2 ball
3-javob varianti: 45 kungacha – 3 ball
4-javob varianti: 1 oygacha – 4 ball
5-javob varianti: 20 kungacha – 5 ball
Misol uchun: mazkur savolnoma bo‘yicha 100 nafar respondentlar qatnashgan bo‘lib, ularning 15 tasi “2 oydan ortiq” variantini, 20 tasi “2 oygacha” variantini, 25 tasi “45 kungacha” variantini, 30 tasi
“1 oygacha” va qolgan 10 tasi “20 kungacha” variantini belgilagan bo‘lishsa, savolnoma uchun ball quyidagicha hisiblanadi:
((15*1)+(20*2)+(25*3)+(30*4)+(10*5))/100=3 ball
Demak, elektr energiyasiga ulanish uchun sarflangan vaqt uchun respondentlar umumiy 3 ball qo‘yishgan bo‘ladi.
Shuningdek, bank xizmatlari sifatini baholashda ham so‘rovlar o‘tkazilgan. Jumladan, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun kredit ajratish uchun sarflangan vaqtni baholashda quyidagi javob variantlari berilgan:
1-javob varianti: 2 oydan ko‘p vaqt ketadi – 1 ball
2-javob varianti: 2 oygacha – 2 ball
3-javob varianti: 1 oygacha – 3 ball
4-javob varianti: 20 kungacha – 4 ball
5-javob varianti: 10 kungacha – 5 ball
Misol uchun: mazkur savolnoma bo‘yicha 200 nafar respondentlar qatnashgan bo‘lib, ularning 25 tasi “2 oydan ko‘p vaqt ketadi” variantini, 30 tasi “2 oygacha” variantini, 35 tasi “1 oygacha” variantini, 30 tasi
“20 kungacha” va qolgan 80 tasi “10 kungacha” variantini belgilagan bo‘lishsa, savolnoma uchun ball quyidagicha hisiblanadi:
((25*1)+(30*2)+(35*3)+(30*4)+(80*5))/200=3,55 ball
Demak, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun kredit ajratish uchun sarflangan vaqt uchun respondentlar umumiy 3,55 ball qo‘yishgan bo‘ladi.
So‘rovlar o‘tkazish orqali baholanadigan 4 ta ko‘rsatkichlar mazkur metodika bo‘yicha hisoblangan va hududlar orasida eng yuqori va eng past ballga ega bo‘lgan 2 ta hudud intervalida reyting chiqarilgan.
Indikator ko‘rsatkichlarini baholash tartibi
Umumiy tartib
Mazkur Metodika bo‘yicha aniqlangan indikatorlar ijobiy va salbiy ko‘rsatkichlarga ega bo‘ladi.
Ijobiy indikatorlar ega bo‘lgan I1, I2.1, I2.2, I5.1, I6, I7, I11.1, I11.2, I11.4, I12, I15.1, I15.2, I16, I17, I18, I5.2 va I20 indikatorlariga quyidagi formula asosida ball beriladi:
Bii = [((Ih - Imin) / (Imak - Imin)) × (10 - 1)] + 1
bunda:
Bii — ijobiy indikatorlarga beriladigan ball;
Ih — baholanayotgan tegishli hududning indikator miqdori;
Imin — baholanayotgan indikatorning barcha hududlardagi eng past ko‘rsatkichga ega bo‘lgan hudud indikatori miqdori;
Imaks — baholanayotgan indikatorning barcha hududlardagi eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan hudud indikatori miqdori.
Salbiy ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan I3, I4, I8, I9.1, I9.2, I10.1, I10.2, I10.3, I11.3, I13, I14 va I19 indikatorlariga quyidagi formula asosida ball beriladi:
Bsi = 10-[((Ih - Imin) / (Imak - Imin)) × (10-1)]
bunda:
Bsi — salbiy indikatorlarga beriladigan ball;
Ih — baholanayotgan tegishli hududning indikator miqdori;
Imin — baholanayotgan indikatorning barcha hududlardagi eng past ko‘rsatkichga ega bo‘lgan hudud indikatori miqdori;
Imaks — baholanayotgan indikatorning barcha hududlardagi eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan hudud indikatori miqdori.
Quyidagi indikatorlarga oshirilgan koeffisient asosida ball beriladi:
I6 — 1,5 koeffisient;
I7 — 1,45 koeffisient;
I12 — 1,4 koeffisient;
I11.4 — 1,35 koeffisient;
I15.1 — 1,3 koeffisient;
I20 — 1,25 koeffisient;
I1 — 1,2 koeffisient;
I3 — 1,15 koeffisient.
Indikatorlarga oshirilgan koeffisient quyidagi tartibda hisoblanadi va ushbu Metodikaning 39-bandida nazarda tutilgan o‘rtacha ballni hisoblashda inobatga olinadi:
Boi = Bii/si × Km
bunda:
Boi — indikatorning oshirilgan koeffisient bo‘yicha hisoblangan bali;
Bii/si — ijobiy yoki salbiy indikator uchun berilgan ball;
Km — indikatorlar uchun tegishli bo‘lgan koeffisient miqdori.
Tegishli hududning o‘rtacha balini hisoblash quyidagi ketma-ketlikdagi formulalar asosida aniqlanadi:
Biio‘ = (Bii1 + Bii2 + ... +Bii17) / 17
Bsio‘ = (Bsi1 + Bsi2 + ... +Bsi12) / 12
Buo‘ = (Biio‘ + Bsio‘) / 2
bunda:
Biio‘ — ijobiy indikatorning o‘rtacha bali;
Bii1 ... Bii17 — ushbu Metodikaning 36-bandida nazarda tutilgan tartibda aniqlangan ijobiy indikatorlarning bali;
Bsio‘ — salbiy indikatorning o‘rtacha bali;
Bsi1 ... Bsi12 — ushbu Metodikaning 37-bandida nazarda tutilgan tartibda aniqlangan salbiy indikatorlarning bali;
Buo‘ — tegishli hududning umumiy o‘rtacha bali.
Oshirilgan koeffitsiyent bo'yicha hisoblash haqida qo'shimcha tushunchalar
Hududlardagi tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasini baholashda mamlakatning iqtisodiyoti va aholining farovonligiga bevosita ta'sir etuvchi, amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasini aks ettiruvchi muhim ko‘rsatkichlar baholash metodikasida alohida e'tibor bilan yondashilgan.
Xususan, eng muhim ko‘rsatkich sifatida tadbirkorlik sub'ektlarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi ko‘rsatkichi inobatga olingan bo‘lib, ushbu soha bo‘yicha har bir hududning indikatoriga oshirilgan 1,5 baravarlik koeffisient qo‘llanilgan.
Masalan, biror-bir hudud ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha indikatori 7 ball bo‘lsa, unga oshirilgan koeffisient bilan 10,5 ball beriladi.
Mazkur ko‘rsatkich bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan tadbirkorlik sub'ektlarining Davlat byudjetiga kelib tushgan tushumlardagi ulushi, ular tomonidan aholini ish bilan ta'minlanganligi ko‘rsatkichlarga ham tegishli ravishda 1,45 va 1,4 oshirilgan koeffisientlar qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, hududlardagi ishbilarmonlik muhiti qay darajada ekanligiga diagnoz qo‘yishda hisobga olinishi kerak bo‘lgan quyidagi muhim ko‘rsatkichlarga ham oshirilgan koeffisient qo‘llanilgan:
1. Tegishli hududda 3 yil davomida uzluksiz faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari soni (1,35 koeffisient).
Sababi: biznes sub'ektlari 3 yil va undan ortiq vaqt davomida uzluksiz tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun mazkur hududda byurokratik to‘siqlarning minimal darajada bo‘lishi talab etiladi.
Mazkur ko‘rsatkich muayyan hududdagi har 1 000 ta tadbirkorlik sub'ektlari orasida 3 yildan ortiq vaqt davomida uzluksiz faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning ulushini aniqlash orqali hisoblanadi. Ushbu ma'lumotlar Davlat xizmatlari agentligi hamda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladi.
Misol uchun: muayyan hududda faoliyati yuritayotgan jami tadbirkorlar soni 55 mingta va 3 yildan ortiq vaqt davomida uzluksiz faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar 10 mingta bo‘lsa, unda:
(10 000 / 55 000 ) * 1000 = 181,8
Demak, misol tariqasida ko‘rsatilgan hududda har 1000 ta tadbirkorning 181,8 nafari 3 yildan ortiq vaqt davomida uzluksiz faoliyat yuritmoqda.
2. Tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun joylashtirilgan asosiy kapital qo‘yilmalari ko‘rsatkichi (1,3 koeffisient).
Sababi: hududlarda tadbirkorlik faoliyati uchun yo‘naltirilayotgan investisiyalarning miqdorini ko‘rsatadi. Mazkur ko‘rsatkichning yuqori ekanligi tegishli hududning biznes yuritish uchun qulayligini anglatadi.
Ushbu ko‘rsatkich hududda har 1000 nafar tadbirkorlarga to‘g‘ri keladigan tadbirkorlik sub'ektlari (yuridik shaxslar) tomonidan shakllantirilgan ustav kapitalining miqdorini aniqlash orqali hisoblanadi. Ma'lumotlar tadbirkorlik sub'ektlarining soliq va statistika organlariga taqdim etgan hisobotlari asosida shakllantiriladi.
Misol uchun: 35 ming nafar tadbirkorlik sub'ektlari faoliyat yuritayotgan muayyan hududda jami 20 mlrd so‘mlik ustav kapitali shakllantirilgan bo‘lsa, unda:
(20 000 000 000 / 35 000) * 1000 = 571 428 571 so‘m
Demak, mazkur baholanayotgan hududda har 1000 nafar tadbirkorlik sub'ektiga o‘rtacha 571 mln so‘m kapital qo‘yilmalar to‘g‘ri kelmoqda.
3. Tadbirkorlik sub'ektlarining davlat tashkilotlariga bo‘lgan ishonchi ko‘rsatkichi (1,25 koeffisient). Mazkur ko‘rsatkich tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovlar (tizim so‘rov shakli va natijalariga havola qiladi) asosida aniqlanadi.
Sababi: hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda asosiy mas'uliyat mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida bo‘lib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga bo‘lgan munosabatini mazkur ko‘rsatkich aks ettiradi. Bundan tashqari, tadbirkorlik sub'ektlari tez-tez murojaat etuvchi soliq organlari, davlat xizmatlari markazlari, Majburiy ijro byurosi va sud organlariga bo‘lgan ishonch ko‘rsatkichi ham baholanadi.
4. Bo‘sh turgan bino-inshootlar va yer uchastkalarini tadbirkorlik faoliyati uchun berish ko‘rsatkichi (1,2 koeffisient).
Sababi: tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun yer uchastkasi va bino-inshootlar zaruriy shart hisoblanadi. Davlat egaligida va zaxirasida bo‘lgan bo‘sh bino-inshoot va yer uchastkalarini tadbirkorlik maqsadlari uchun berish (ijaraga berish, faoliyatini tiklash, sotish, davlat-xususiy sheriklik asosida berish, kichik sanoat (erkin iqtisodiy) zona tashkil etish) orqali ushbu ob'ektlardan samarali foydalanishni tashkil etish biznes uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur ko‘rsatkich bo‘sh turgan bino-inshootlar va yer uchastkalarining tadbirkorlik faoliyati uchun berish foizini aniqlash orqali hisoblanadi.
Misol uchun: muayyan hududda 50 ta ko‘chmas mulkdan 40 tasi,
1000 gektar yer maydonidan 500 gektari tadbirkorlik maqsadlari uchun berilgan bo‘lsa, unda:
ko‘chmas mulk: (40 / 50) * 100 = 80%
yer uchastkasi: (500 / 1000) * 100 = 50%
(80% + 50%) / 2 = 65%
Demak, mazkur hududda Bo‘sh turgan bino-inshootlar va yer uchastkalarining 65%da samarali foydalanish tashkil etilgan.
5. Tadbirkorlik sub'ektlarining mulk huquqi daxlsizligi ta'minlanganligi ko‘rsatkichi (1,15 koeffisient).
Sababi: mulk daxlsizligi tadbirkorlik sub'ektlari, ayniqsa xorijiy investorlar uchun juda muhim hisoblanib, ular mamlakatga investisiya kiritishdan oldin, albatta ushbu hududdagi mulk daxlsizligi qay darajada ta'minlanganligini inobatga olishadi.
Mazkur ko‘rsatkich muayyan hududda faoliyat yuritayotgan har 1000 nafar tadbirkorga to‘g‘ri keladigan yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklari va xalq deputatlari Kengashlari qarorlari sonini aniqlash bilan hisoblanadi.
Misol uchun: 10 mingta tadbirkor faoliyat yuritayotgan muayyan hududda yil davomida 100 ta qaror qabul qilingan bo‘lsa, unda:
(100 / 10 000) * 1000 = 10
Demak, ushbu hududda har 1000 nafar tadbirkorga yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklari va xalq deputatlari Kengashlari qarorlarining 10 tasi to‘g‘ri kelmoqda.
Yakunlovchi qoidalar
Tegishli hududlarning reyting bali bir xil bo‘lgan taqdirda, I6, I7, I12, I11.4, I15.1, I20, I1 va I3 indikatorlar bo‘yicha olingan o‘rtacha ball miqdoridan kelib chiqib, ushbu ketma-ketlik asosida yaxshiroq bo‘lgan hududlarga yuqoriroq o‘rin belgilanadi.